Xabaringiz bor, O’zbekiston milliy terma jamoasi 5-iyun kuni Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida BAA’ga qarshi maydonga tushadi.
Shu munosabat bilan, terma jamoamiz Dubayda o’quv-mashg’ulot yig’iniga kirishgan. Yig’inda ishtirok etayotgan tajribali futbolchimiz Jaloliddin Masharipov oldinda turgan o’yin haqida o’z fikrlarini bildirib o’tdi.
“Hozirda hamma yigitlarning kayfiyati yaxshi. Oldimizda qanday o’yin turganini yaxshi bilamiz. Lekin motivatsiyani haddan tashqari oshirib yuborish kerak emas. Bu o’yin vaqtida to’sqinlik qilishi mumkin.
Biz avvalgi o’yinlardagi kabi o’ynashimiz kerak. Ortiqcha hissiyot va bosim o’yinga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun futbolchilarga kayfiyat ulashyapmiz. Faqat o’yin haqida o’ylash ham ba’zan xalaqit beradi.
Jismoniy holatim yaxshi. 15-mayda chempionat tugagan bo’lsa, unda so’ng ikkita uchrashuv bo’ldi. Klubda mashg’ulotlar orqali tonusni ushlab turdim. Hammasi joyida, ob-havoga ham moslashib oldik. O’ylaymanki, hech qanday muammo yo’q”, – deydi Masharipov.
Ma’lumot uchun, ushbu bahsdagi durang natija ham bizni mundialga olib chiqadi.