Yevropa Ligasi pley-off bosqichining javob o’yinida “Roma” o’z maydonida “Portu”ni qabul qilib, 3:2 hisobida g’alaba qozondi va ikki o’yin natijasiga ko’ra keyingi bosqichga yo’l oldi.
Uchrashuvdan so’ng rimliklar bosh murabbiyi Klaudio Ranyeri o’yin haqida fikr bildirar ekan, Eldor Shomurodovga ham alohida to’xtalib o’tdi.
“Jamoada zo‘r futbolchilarning jamlangani qiyin raqiblarni yengishda qo‘l kelmoqda. Xususan, Paulo Dibala kabi o‘yinchining tarkibda borligi ko‘p narsani hal qiladi. U jamoani o‘z ortidan ergashtira oladi.
Paulo kam gapiradi. Lekin gapirganida doim kerakli gaplarni topa oladi. Aynan uning yordamida o‘yin ssenariysini o‘zgartira oldik.
Natijadan xursandman. Lekin bu bilan to‘xtab bo‘lmaydi. Biz jamoa sifatida hali takomillashib borishimiz kerak. Biz qarshi hujumlarda gol o‘tkazib yuborayotganimizni hamma biladi. Chunki o‘zimiz shunga sharoit yaratib beryamiz.
Masalan bu galgi bahsda ham 3:1 hisobida oldinda borayotgan bo‘lsak-da, futbolchilar yana oldinga tashlanishdi. Oqibatda hisobdagi farq qisqardi. Bunga yo‘l qo‘yish kerak emas.
Men Eldor Shomurodovning hisobiga gol yozilmaganidan afsuslandim. Bu futbolchi borini beryapti, juda ko‘p yuguryapti. U har doim yordam berishga tayyor. Yugurganda ham shunchaki yugurmaydi. Eldor maydonni yaxshi ko‘ra oladi, texnikasi ham joyida. Men uni butun qalbim bilan yaxshi ko‘raman”, – dedi Klaudio Ranyeri.
Ma’lumot uchun, 29 yoshli Eldor Shomurodov joriy mavsumda A Seriya, Italiya kubogi va Yevropa ligasida jami 22 ta uchrashuvda ishtirok etib, uchta gol va ikkita assist muallifi bo‘ldi.