Formula-1 yulduzi Sharl Lekler va uning turmush o‘rtog‘i Aleksandra Sen-Mlyo shanba kuni Monakoda rasmiy nikohdan o‘tishdi. Marosim to‘liq maxfiy tarzda o‘tkazildi. To‘y «Mairie de Monaco» binosida, yaqin do‘stlar va oila a’zolari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.



Juftlikning xohishiga ko‘ra, nikoh haqidagi xabar dushanba kuniga qadar sir saqlandi. Keyinchalik Lekler Instagram sahifasida video va fotosuratlarni ulashdi. Aleksandra esa ijtimoiy tarmoqlardagi familiyasini «Alexandra Malena Leclerc»ga o‘zgartirib, nikohni bilvosita tasdiqladi.
Lekler muxlislarga bu hali bayramning boshlanishi ekanini aytib: «Bu faqat 1-qism, 2-qismi kelasi yil yaqinlarimiz bilan bo‘ladi», — deya yozdi.
Juftlikning Monako ko‘chalarida noyob Ferrari 250 Testa Rossa avtomobilida sayr qilgan tasvirlari ommaning e’tiborini tortdi. Ta’kidlanishicha, ushbu noyob avtomobil 10 mln dollar atrofida turadi.


Biroq asal oyi uzoq davom etmasligi mumkin. Sababi 2026-yilgi Formula-1 mavsumining ilk bosqichi bir necha kundan so‘ng Melburnda start oladi. Bu esa Lekler tez orada to‘y tantanalarini esdan chiqarib, musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini anglatadi.


