«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi doirasida o’tadigan «Monako» bilan o’yin oldidan parijlik darvozabonlar monakoliklar bilan bahslarda tez-tez jarohat olayotgani haqida piching qildi.
«O’yin tinchroq o’tishini kutishim kerakmi yoki yo’q, bilmayman. Balki, biz umuman darvozabonsiz o’ynarmiz . Hech bir darvozabon «Monako»ga qarshi o’ynashni xohlamaydi», — deydi ispaniyalik murabbiy.
Ma’lumot o’rnida ta’kidlash lozim-ki, o’tgan mavsumda «PSJ»ning sobiq darvozaboni Janluiji Donnarumma «Monako»ga qarshi o’yinda yuzidan jiddiy jarohat olgan bo’lsa, yaqinda Lyuka Shevale Lamine Kamaraning qo’pol podkatidan jabr ko’rdi.
Eslatib o’tamiz, «Monako» va «PSJ» uchrashuvi 18-fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da Monakodagi «Lui II» stadionida bo’lib o’tadi.
