Madridning “Real” klubi 2024-yil 18-fevralda bo’lib o’tgan La Liganing 25-turida “Rayo Valekano”ga qarshi o’yinda (1:1) Vinisius Juniorni haqoratlagan voyaga yetmagan muxlis jazolanishi haqida bayonot berdi.
“Real Madrid” futbol klubi “Valyekas” stadionida bo’lib o’tgan “Rayo Valekano” – “Real Madrid” o’yinida Vinisius Juniorni irqiy haqorat qilgan voyaga yetmagan shaxs Vinisiusdan kechirim so’rash maktubini yo’llagani, unda o’zining afsusda ekanligini hamda aybini tan olganini ma’lum qildi.
Prokuratura tomonidan ushbu shaxs voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy va tarbiyaviy tadbirlarda majburiy ishtirok etishi belgilab qo’yildi. Shuningdek, u bir yil davomida rasmiy musobaqalar o’tkaziladigan stadionlarga bora olmaydi.
U zo’ravonlik, irqchilik, ksenofobiya va sportdagi murosasizlikka qarshi kurash bo’yicha davlat komissiyasi tomonidan o’zining xatti-harakati uchun belgilangan jarimani to’lashi kerak bo’ladi”, – deyiladi klub bayonotida.