Bugun futzal bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi xalqaro o’rtoqlik uchrashuvida Braziliyaga qarshi maydonga tushadi.
Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start oladi.
O’yindan oldin Davron Choriyev uchrashuv haqida o’z fikrlarini bildirib o’tdi.
“Bugun jamoamizni muhim uchrashuv kutib turibdi. Oʻylashimcha, yigitlar Braziliyaga qarshi yorqin oʻyin namoyish etishadi. Jamoadoshlarim ushbu bahsga tayyor, deb oʻylayman.
Tarkibda yuqori texnikaga ega futzalchilar yetarlicha. Ular jahonning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi uchrashuv hamda mamlakatimiz mezbonlik qiladigan Jahon chempionatida Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qila olishadi.
Ogʻir jarohatdan tiklanish jarayoni yaxshi kechmoqda. Afsuski, xuddi men singari asosiy darvozabonimiz Ravshan Eliboyev, shuningdek, yetakchi futzalchilarimiz Sunnatulla Joʻrayev va Anasxon Rahmatov ham jarohat sababli tarixiy mundialda ishtirok eta olishmaydi.
Biroq jamoamizni qoʻllab-quvvatlaymiz, murabbiylarimiz va futzalchilarimizga ishonamiz. Olgʻa Oʻzbekiston!”, – deydi Choriyev.