Liga mavsum avvalida antifutbolga qarshi chora qo‘llashga qaror qildi. Mart oyidan e’tiboran o‘yin vaqtini sun’iy cho‘zishga harakat qilayotgan futbolchi, rasmiy yoki klub jarimaga tortilmoqda.
Yarim mavsum davomida Superliganing 29 nafar futbolchisi o‘yin vaqtini cho‘zgani uchun jarima to‘ladi. Bunday futbolchilar “Surxon”da 5 va “Andijon”da 4 nafarni tashkil etadi. Chempionlik uchun kurash olib borayotgan “Nasaf”, “Neftchi”, “So‘g‘diyona”, shuningdek, “Olimpik” futbolchilari 3 martadan vaqt cho‘zgani uchun ogohlantirilgan.
Mirjalol Qosimov va Vadim Abramov ustozlik qilayotgan “OKMK” hamda “Dinamo” futbolchilari bu borada qolganlarga o‘rnak bo‘lganini qayd etish kerak. Ortda qolgan 13 ta tur davomida ularning birorta futbolchisi vaqt cho‘zgani uchun ogohlantirilmagan.
Fair play qoidasiga bo‘lgan intilish toza o‘yin vaqti borasidagi statistikaga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Quyidagi infografikada 2023-yilgi to‘liq mavsum hamda 2024-yilgi yarim yillik xulosasi aks etgan. Faqatgina “Nasaf” klubini inobatga olmasa, qolgan barcha klub o‘z holatini yaxshilagan.
O’zPFL matbuot xizmati