Germaniyaning Vayssenhaus shahrida mukofot jamg’armasi 750.000 dollarni tashkil etuvchi “2025 Freestyle Chess Grand Slam” turniri bo’lib o’tmoqda.
Musobaqaning aylanma tizimi yakunlanib, chorak final bahslari bo’lib o’tdi.
Iste’dodli grossmeysterimiz Javohir Sindarov 1/4 finalda Xikaru Nakamuraga qarshi dona surdi. Klassik partiyadan iborat ikki o’yin ham durang natija bilan yakunlandi va shaxmatchilar tay-brekka murojaat qilishdi.
Tay-brekning birinchi uchrashuvida qora donalarda o’ynaganiga qaramay, Sindarov g’alaba qozondi. Ikkinchi partiyani oq donalarda o’tkazgan hamyurtimiz durang qayd etdi.
Shu tariqa, amerikalik nomdor grossmeyster Xikaru Nakamurani mag’lub etgan Javohir Sindarov 1/2 finalga yo’l oldi.
Shuningdek, chorak finalda qatnashgan yana bir hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov jahonning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsenga qarshi dona surdi va ikki bahs yakuniga ko’ra mag’lub bo’ldi.
Endilikda Abdusattorov ham, Nakamura ham beshinchi o’rin uchun kurashni davom ettiradi. Sindarov esa yarim finalda yana bir amerikalik grossmeyster Fabiano Karuanaga qarshi bahs olib boradi.